2023-yilning 11-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishi davomida yoshlarning bo‘sh vaqtidan unumli foydalangan holda turli xil ijodiy kechalar, sport o‘yinlari, madaniy tadbirlar tashkil etish vazifasi belgilangan edi.

Shu munosabat bilan Yangiqo‘rg‘on tumanining Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududida joylashgan 48-sonli umumta'lim maktabi hamda 56-sonli qirg'iz tiliga ixtisoslashgan maktablarda hududdagi aholi vakillari, mahalla faollari va o'quvchi-yoshlar ishtirokida “Millatlararo totuvlik – barqarorlik va taraqqiyot omili!” mavzusida madaniy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Namangan viloyat bo‘limi rahbari M.Аppaqov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoir va adiblar B.Mirzo, O‘.Xoldorova va boshqa ijodkorlar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar, yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib, konstitutsiyaviy huquqlar doirasida sog‘liqni saqlash, taʼlim, gender tengligi, erkin harakatlanish kabi inson qadri uchun xizmat qiluvchi omillar bilan to‘ldirilayotganligi hamda Konstitutsiya xalqimizning orzu-istaklarini oʼzida qonuniy mujassamlashtirilgani haqida ham alohida to‘xtalib o‘tishdi va yig‘ilgan aholi vakillarini yangi Qomusimiz va yorqin kelajagimiz uchun ovoz berishga chaqirdilar. Bundan tashqari, tadbir davomida bugungi kunda mamlakatimizda millati, irqi va dinidan qatʼi nazar barcha xalqlar va millatlarga yurtimizda keng imkoniyatar yaratib berilayotganligi hamda yoshlarni ilmga bo‘lgan qizqishini oshirish bo‘yicha qilinayotgan islohotlar bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Shuningdek, tadbirda qirgʼiz va o‘zbek millatiga mansub yoshlar vakillarining turli sahna ko‘rinishlari hamda badiiy chiqishlari tadbirga o'zgacha kayfiyat baxsh etdi.