Turkiy adabiyotning eng mashhur vakillaridan biri, o‘zining ijobiy faoliyati va kuchli siyosati bilan dunyo tarixida o‘chmas nom qoldirgan buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Amir Temurning munosib vorislaridan bo‘ldi. Uning avlodlari esa ko‘p yillar davomida dunyo siyosatiga katta ta’sir ko‘rsata oldilar. Shu tariqa Bobur ulkan sulola asoschisi sifatida tarixda qoldi.



Hindistonlik siyosatshunos Javohirla’l Neruning Boburiylarga bergan ta’rifi:
«Shimoldan tushgan fotihlar bizga qalblarini kaftlariga solib olib keldilar, angliyaliklar esa, o‘z madaniyatini konserva bankalarda keltirdi....» Nazarimda, eng go‘zal ta’rif - shu!
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-umumta’lim maktabida tuman hokimligi, Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tuman bo‘linmasi, Nuroniylar uyushmasi hamda umumta’lim maktabi tashabbusi bilan Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud kuni, uning faoliyati va ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir kechasi o‘tkazildi.
Tadbirda maktab jamoasi tomonidan shoh va shoirning bosib o‘tgan shonli yo‘llari, turkiy tilining rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasi, g‘azal va ruboiylari sahna ko‘rinishlari orqali keng yoritib berildi. Tadbirda faol ishtirok etgan o‘quvchi yoshlar va ustozlarga tuman hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.





